Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi Shavkatjon Abdurazzaqov mamlakatdagi barcha daraxtlarni  ID – kartalar bilan belgilash taklifi bildirdi. Bu haqida qoʻmita matbuot xizmati xabar qildi.

Foto: Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi axborot xizmati

Shavkatjon Abdurazzaqov OAV vakillari, jamoat tashkilotlari hamda blogerlar bilan uchrashgan. Unda daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun masʼuliyatni, jarimalar miqdorini oshirish, huquqbuzar shaxslarga nisbatan qatʼiy jazo choralarini belgilash prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qoʻyilgan asosiy vazifalardan biri ekanligi taʼkidlangan.

“Davlat ekologiya qoʻmitasi raisi mamlakatimizdagi barcha daraxtlarni xatlovdan oʻtkazish, ularni ID – kartalar bilan belgilash hamda ularga masʼullarni aniqlab berish tashabbusi bilan chiqdi”, deyiladi xabarda.

Taʼkidlanishicha, jarayon murakkab boʻlsa-da, uni amalga oshirish dolzarbdir. Mazkur tadbir uchun qoʻmita tizimidagi 300 ta inspektorning jalb etiladi. Shuningdek, unda barcha istak bildirgan OAV vakillari, blogerlar ishtirok etishi mumkin.

Maʼlumot uchun, prezidentning tegishli Farmoni bilan davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrgacha moratoriy joriy etilgan.

Tabiiy omillar, kasalliklar taʼsirida shikastlangan, odamlarning hayoti va sogʻligʻiga xavf solayotgan daraxtlarni kesish va qirqish qonun hujjatlarida belgilangan tartibga rioya qilingan holda faqat tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.