Toshkent shahridagi bir qator koʻchalarga Oʻzbekiston ilm-fani, madaniyati va adabiyoti taraqqiyoti va rivojiga ulkan hissa qoʻshgan yozuvchi, olim va artistlar nomlari berilishi mumkin. Madaniyat vazirligi tegishli qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qoʻygan. Bu haqida “Sputnik” yozmoqda.

Foto: Publika

Qonun loyihasi bilan 2020 yil davomida maʼrifatparvar alloma va jamoat arbobi Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 145 yilligi, Oʻzbekiston xalq artistlari Olim Xoʻjayev va Soyib Xoʻjayev tavalludlarining 110 yilligi, Oʻzbekiston xalq yozuvchilari Said Ahmad, Asqad Muxtor hamda atoqli olimlar Saʼdi Sirojiddinov va Ibrohim Hamroboyevlar tavalludining 100 yilligi, Oʻzbekiston xalq shoiri Jumaniyoz Jabborov tavalludining 90 yilligi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev tavalludining 80 yilligi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, shoir Shavkat Rahmon, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Erkin Aʼzam hamda Oʻzbekiston xalq shoiri Usmon Azim tavalludlarining 70 yillik yubileylari keng nishonlanadi.

Shu maqsadda mamlakatdagi taʼlim muassasalari, ijod maktablarida taniqli adib va sanʼatkorlar, olimlar ishtirokida mazkur tavallud sanalariga bagʻishlangan uchrashuvlar, kitobxonlik kechalari va ilmiy-amaliy konferentsiyalar tashkil etiladi hamda oʻtkaziladi.

Vazirlik tavallud sanalari nishonlanadigan ijodkorlar va olimlarning yashagan xonadonlarga yodgorlik lavhalari oʻrnatish, Toshkent shahridagi koʻchalarga ularning nomlarini berishni taklif qilmoqda.

Qonun loyihasi 25 mart sanasiga qadar jamoatchilik muhokamasida boʻladi.