Namangan viloyatida ikki tanishning xiyobondagi uchrashuvi pichoqbozlik bilan yakun topdi. Bu haqida Tergov departamenti axborot xizmati xabar qildi.

Foto: Google

Hodisa 7 mart kuni sodir boʻlgan. 52 yoshli I.M tanishi 50 yoshli B.N bilan viloyatdagi Oʻzbekiston koʻchasida joylashgan xiyobonda uchrashgan.

Bir ozdan soʻng ular oʻrtasida oʻzaro nizo chiqqan. I.M yonida olib yurgan pichoq bilan B.N.ning chap son qismiga urib, tan jarohati yetkazgan. Soʻngra jinoyatchi hodisa joyidan yashiringan.

Natijada esa B.N. koʻp qon yoʻqotib, voqea joyida vafot etgan.

Koʻrilgan choralar natijasida I.M. ushlangan va hozirda gumonlanuvchi tariqasida jalb qilingan.

Holat yuzasidan JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (oʻlimga sabab boʻlgan, qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.