Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi, Hilton Tashkent City, “Komtel Technologies” (Turkiya) bilan hamkorlikda “IBS/DAS texnologiyalarini O‘zbekiston Respublikasi telekommunikaysiya sohasida muhim innovatsion yechim sifatida joriy etish” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Foto: Innovasion rivojlanish vazirligi axborot xizmati

Uchrashuv “Telekommunikatsiya tarmoqlari infratuzilmasida yuqori texnologik yechimlarni joriy etish, binolarda mobil tarmoq signallarini (IBS) kengaytirish va tarqatish loyihasi“ni amalga oshirishga bag‘ishlandi.

Ushbu tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad respublikaning yirik infratuzilma obyektlari ichida mustahkam mobil aloqa qamrovi va mobil signallarni kuchaytirishni ta’minlash masalalarini hal etishdan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy sohada ham raqamli texnologiyalarni keng joriy etib, natijadorlikni oshirish, bir so‘z bilan aytganda, odamlar turmushini keskin yaxshilash mumkinligi qayd etilgan. 2020 yilda O‘zbekiston raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda tub burilish yasashi kerak.

Zamonaviy binolar shunday tuzilganki, mazkur obyektlar sirtidan mobil signallarni aks ettirish darajasi yuqori bo‘lib, tashqi uyali aloqa antennalari signallarini infratuzilma obyektlarining ichiga kirib borishida qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda.

Turkiyaning “Komtel Technologies” kompaniyasi multi texnologiyalar, mobil operatorlariga xizmat ko‘rsatish, yalpi mobil qamrovini ta’minlash texnologiyalari sohasida bir qator tayyor innovatsion yechimlarni taklif etadi.

Komtel Technologies qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, telekommunikatsiya tarmoqlari uchun infratuzilma yaratish, binolarda mobil tarmoq signallarini kengaytirish va tarqatish, antenna tizimlarini joriy etishga sarmoya kiritishga tayyorligini bildirdi.

Investitsiya loyihasini amalga oshirish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi va “Komtel Technologies” kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Davra suhbati doirasida Hilton Tashkent City va Kongress markazi loyihasining taqdimot, muhandislik tahlili hamda O‘zbekistonda loyihani amalga oshirish bo‘yicha taklif etilayotgan biznes modellarning texnik tahlili amalga oshirildi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra telekommunikasiya tarmoqlari infratuzilmasida yuqori texnologiyali yechimlarni joriy etish, qisqa vaqt ichida uni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasida binolarda mobil tarmoq signallarini kengaytirish va tarqatish bo‘yicha loyihani amalga oshirish uchun yakuniy biznes modelini birgalikda ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.