Davlatimiz rahbari 9 mart kuni Turkiyaning yetakchi injiniring va qurilish kompaniyasi – “Renessans Holding” prezidenti Erman Ilijak boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgan edi.

Foto: Google

Bugungi kunda “Renessans Holding” kompaniyasi mamlakatimizda umumiy qiymati 2 milliard dollardan ziyod bo‘lgan yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.

O‘tgan oy Anqarada o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston – Turkiya muzokaralarining mantiqiy davomi bo‘lgan mazkur uchrashuvda ushbu loyihalar doirasidagi amaliy ishlarni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Turkiya kompaniyasining dastlabki bosqichda Toshkent shahrida, keyingi bosqichlarda Samarqand va Farg‘ona shaharlarida ilg‘or xalqaro tajriba hamda texnologiyalarni jalb qilgan holda ko‘p tarmoqli shifoxonalar tashkil etish borasidagi loyihaviy takliflari taqdimoti o‘tkazildi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.

Ushbu loyihalar davlat-xususiy sherikligi asosida amalga oshiriladi, shuningdek, turkiyalik sheriklar shifoxonalarni boshqarish va yuqori malakali tibbiyot mutaxassislarini tayyorlashda ishtirok etadi.

Bundan tashqari, muhim ijtimoiy obyektlarni rekonstruksiya qilishda, injiniring, loyihalashtirish va qurilish sohalarida hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.