Avval xabar berganimizdek, Bugun AOKAda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mutasaddilari, oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirokida yangi o‘quv yilining boshlanishi, magistraturaga qabul va ijodiy imtihonlar yakunlari hamda boshqa dolzarb masalalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Foto: Google

“Oshirilgan kontrakt asosida o‘qish istagida bo‘lgan abituriyentlarga 10-oktabrgacha vaqt kerak bo‘ladi. Chunki OTMlar talabalikka tavsiya etilgan talabalar bilan kerakli jarayonlarni bajarib bo‘lganidan keyin ushbu masala bilan shug‘ullanishni boshlaydi”, – dedi Oliy ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Abduvali Xoliqov.

Kirish chizig‘iga 4 ballgacha yetmaganlar super-kontraktni quyidagi miqdorda to‘lashadi:

1 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun – 1,5 barobar;

1.1 balldan 2 ballgacha yetmaganlar uchun – 2,0 barobar;

2.1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar uchun – 2,5 barobar;

3.1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar uchun – 3,0 barobar.

To‘plagan bali kirish chizig‘iga 4 balldan ortiq yetmagan, lekin 56,7 dan ko‘p ball to‘plagan abituriyentlar uchun super-kontrakt miqdorlari quyidagicha:

Eng qimmat miqdor yurisprudensiya yo‘nalishida — 25 barobar, ya’ni 229 mln 184 ming so‘m.

Keyingi o‘rinda tibbiyot yo‘nalishiniki — 20 barobar, ya’ni 170 mln 649 ming so‘m.

Qolgan yo‘nalishlar 10 va 15 barobar miqdorda belgilangan.

Ma’lumot uchun, barobar – ta’lim yo‘nalishiga belgilangan kontrakt summasining barobari nazarda tutilmoqda.