Moskvada maktab oʻquvchilari 5-oktabrdan 18-oktabrga qadar ikki haftalik kuzgi taʼtilga chiqadi. Moskva meri Sergey Sobyanin COVID-19 bilan kasallanish koʻpaygani sabab shunday qaror qabul qildi.

Foto: RIA Novosti

Odatda Moskva maktablarida kuzgi taʼtil bir hafta davom etar edi.

“Sanitariya shifokorlari tavsiyasiga binoan, kuzgi shamollash kasalliklari va aniqlangan kovid bilan kasallanishning oʻsishini inobatga olgan holda men kuzgi taʼtil davomiyligini oshirishga qaror qildim”, – deya yozgan Sobyanin.

Taʼtil vaqtida masofaviy darslar boʻlmaydi. Qoʻshimcha taʼlim muassasalari faoliyatini vaqtincha toʻxtatadi. Bogʻchalar esa odatdagidek ishlaydi.

28-sentabrdan Moskvada 65 yoshdan kattalar uchun yana oʻzini oʻzi yakkalash rejimi amal qilmoqda. Moskvada 287 mingdan ziyod koronavirus bilan kasallanish aniqlangan. 27-sentabr kuni ilk bor 2-iyundan buyon bir sutkada 2 mingdan ziyod kasallanish qayd etildi.