Iordaniyaning Amman shahrida oʻtkazilayotgan Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlari uchun litsenzion turnirining yarim final janglari nihoyasiga yetdi. Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bu haqida yozmoqda.

boks ring jang
Foto: Sports

Eʼtiborlisi, ushbu bosqichga hamyurtlarimizning 6 nafari yetib kelishdi va ularning uch nafari oltin medal uchun kurashni davom ettiradigan boʻlishdi.

Dastlab, -63 kg vazn toifasida ringga koʻtarilgan Elnur Abduraimov moʻgʻulistonlik Chinzorig Batarsuxni taslim etgan boʻlsa, — 57 kg vaznda Mirazizbek Mirzahalilov qozogʻistonlik Serik Temirjanovga qarshi jang qildi va 5:0 hisobida gʻalaba qozondi. Shundan soʻng, mutlaq vaznda jahon chempioni hisoblangan Bahodir Jalolov hindistonlik Satish Kumarga qarshi oʻtkazilgan jangda raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.

Yarim final doirasida oʻz janglarini oʻtkazgan yana uch nafar bokschilarimiz Shahobiddin Zoirov, Bobousmon Baturov va Sanjar Tursunov raqiblariga imkoniyatni boy berib qoʻygan holda turnirning bronza medallari sohibiga aylanishdi.

Bugun ringga chiqadigan oʻzbekistonlik bokschilar:

-51 kg: Tursunoy Rahimova — Yutumas Jitpong (Tailand)
-57 kg: Mirazizbek Mirzahalilov — Mohamm Alvadi (Iordaniya)
-63 kg: Elnur Abduraimov — Zakir Safiulin (Qozogʻiston)
+91 kg: Bahodir Jalolov — Yustis Xuni (Avstraliya).

Maʼlumot uchun, Osiyo va Okeaniya mintaqasi uchun oʻtkazilayotgan ushbu litsenzion turnirning final bahslari bugun oʻtkaziladi. Kun davomida toʻrt nafar oʻzbekistonlik bokschi ringga koʻtariladi. Ahamiyatlisi, -51 kg vaznli bokschi qizimiz Tursunoy Rahimova Tokio Olimpiadasi litsenziyasi uchun jang qiladi.