Foto: Kun.uz

O‘zbekistondagi davlat OTMlari talabalarining umumiy reyting ko‘rsatkichlari e’lon qilindi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, respublikadagi jami 99ta mahalliy OTMda kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalarning umumiy soni 278 885 nafarni tashkil etadi.

Ularning 62,1 foizi «3» bahoga (173 188 nafar), 30,4 foizi «4» bahoga (84 781 nafar), 7,5 foizi «5» bahoga (20 916 nafar) o‘qiydi.

O‘qitishning to‘lov-kontrakt shaklida tahsil olayotgan jami talabalar (bakalavr va magistratura)ning 29,8 foizi (83 001 nafari) stipendiyali, 70,2 foizi (195 884 nafar) stipendiyasiz kontrakt to‘lovini amalga oshirishdi.

«Umumiy hisobda mahalliy oliy ta’lim muassasalarida 171 ming 456 nafar talaba (davlat granti asosidagi 88 ming 455 nafar talaba bilan qo‘shganda) stipendiyali asosda tahsil oladi», – deb ma’lum qilindi 7 yanvar kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi o‘tkazgan matbuot anjumanida.