DXX xodimlarining Bojxona qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida poytaxtimizda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Foto: DXX Chegara qo‘shinlari axborot xizmati

Xususan, tezkor tadbir davomida Toshkent shahrida yashovchi fuqarolar Ishmuxamedov, To‘laganov, Toirov hamda Islombekovlar ushlanib, ulardan mamlakatimizga xalqaro pochta jo‘natmalari orqali kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan va poytaxt hududida sotilishi lozim bo‘lgan 160 gr. ga yaqin “kokain” giyoxvand moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi.

O‘zining moddiy manfaatlarini o‘zga insonlar sog‘lig‘i va xayotidan ustun qo‘yadigan ushbu kimsalar kokain moddasining 1 grammini 300-350 AQSh dollardan sotishni rejalashtirishgan.

Shuningdek, Toshkent shahrida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbir natijasida 1976-yil Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan, ayni paytda Chilonzor tumanida istiqomat qiluvchi Abdushukur Tursunov to‘xtatib, tekshirilganda uning yonida 117 gr. “opiy” va 116 gr. “gashish” moddalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashitirib olindi.

Mavzuga doir:
Farg’onada o‘zini DXX xodimi deb tanishtirgan firibgar sud qilindi
Toshkentda bitkoinni noqonuniy sotgan fuqarodan $402 ming dollar olib qo‘yildi
Andijonda $180 mingni chegara to‘sig‘i ustidan uloqtirgan fuqaro qo’lga olindi

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida u mazkur giyohvand moddalarni 1965-yil Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan, Denov shahrida yashovchi Abdusamat Ochilovdan olganligi ma’lum bo‘lib, u ham Toshkent shahrida protsessual tarzda ushlandi va uning yonidan 5 gr. “opiy” moddasi olindi.

DXX Namangan viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan Namangan shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Yangiqo‘rg‘on tumani «Qizilyozi» MFYda yashovchi, 1952-y.t., muqaddam ikki marotaba sudlangan Saydismon Qambarov boshqaruvidagi “Tiko” rusumli avtomashina tekshirilganda, uning yukxonasida 1085 gr. “gashish” giyohvand moddasi borligi aniqlandi.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, u Yangiqo‘rg‘on tumani Zarkent qishlog‘i “Madaniyat” MFY hududidan o‘tgan davlat chegarasi yaqinida qirg‘izistonlik «Aqilbek» ismli shaxsdan ushbu giyohvandlik vositalarini qabul qilib olgan va Namangan shahrida sotishni rejalashtirgan.

DXX xodimlarining viloyat IIB bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida Namangan shahriga kirishda “Nexia” rusumli avtomashina to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan 1981-y.t., Namangan shahrida yashovchi Tolib Turg‘unovning yonida 482 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tarzda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda mazkur holatlar bo‘yicha Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.