Ukraina davlat tergov byurosi Xarkov viloyatidagi An-26 samolyoti qulashi sabablarining to‘rtta versiyasini tekshirmoqda. Bu haqda byuroning rasmiy Facebook sahifasida xabar berildi.

Foto: RIA Novosti

Versiyalar orasida – samolyot tarkibiy qismlarining texnik nosozligi sababli halokat, ekipaj tomonidan o‘z vazifalarini noto‘g‘ri bajarishi, parvozni boshqarish uchun mas’ul shaxslar tomonidan xizmat vazifalarini noto‘g‘ri bajarishi, samolyotga texnik xizmat ko‘rsatish va uning parvozga tayyorgarligi sababli falokatlari mavjud. 

Byuro voqea sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirdi, guvohlarni so‘roq qildi, zarur sud ekspertizalarini tayinladi.

Sal avval aviahalokatda halok bo’lganlarning oilalariga 55 ming dollardan berilishi haqida xabar bergandik. Shuningdek, Prezident Vladimi Zelenskiy An-26’ga o’xshash samolyotlarda parvozlarni to’xtatishni buyurgani ham aytilgandi.

Eslatib o’tamiz, kecha kechqurun Xarkov yaqinidagi Chuguyev hududida o‘quv parvozi paytida An-26 samolyoti qulab tushdi. Bortda 27 kishi bo‘lgan, ular orasida ekipaj a’zolaridan tashqari Kojedub nomidagi Xarkov havo kuchlari universiteti kursantlari ham bor edi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 25 kishi halok bo‘ldi. Ikki kursant samolyotdan sakrab qochib qutulgan, ammo tanasining 90 foiz kuygan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, kasalxonadagi bemorlardan biri ham halok bo‘lgan.

Mamlakat prezidenti Vladimir Zelenskiy hozir Xarkovda. U voqea joyi bilan tanishgan.