“Koronavirusning tarqalishi deyarli toʻxtatildi”, dedi XXR raisi Si Szinpin. U bugun epidemiya boshlangandan buyon birinchi marta kutilmagandan kasallik oʻchogʻi boʻlgan Xubey provinsiyasi maʼmuriy markazi Uxan shahriga tashrif buyurgani haqida xabar berilgan edi.

Foto: Xitoy prezidenti Si Szinpin

Xitoy lideri favqulodda vaziyatlar sharoitida oʻn kun ichida qurib bitkazilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasiga tashrif buyurdi, u yerda videoaloqa orqali bir necha nafar bemorlar va shifokorlar bilan uchrashdi, tumanlardan birining aholisi bilan uchrashdi, deb xabar berdi Euronews.

Bungacha mamlakat sogʻliqni saqlash milliy vazirligi tomonidan fuqarolar uchun umidbaxsh maʼlumot ham tarqatilgan edi. Unga koʻra, mazkur davlatda oxirgi kecha-kunduzda virusni yuqtirish bilan bogʻliq bor-yoʻgʻi 19 ta yangi holat qayd etilgan. Vaholonki, Italiyada bu koʻrsatkich 1800 taga yetgan.

Yanvar oyi oxirida Xubey toʻliq izolyatsiyada qolib ketgandi. Bugundan boshlab esa kasallikni yuqtirmaganlar va bemorlar bilan yaqin aloqada boʻlmaganlarga erkin harakatlanishlari uchun ruxsat berildi. Faqat ular provinsiya chegarasidan tashqariga chiqib ketmasliklari kerak. Biroq bunday yengillik hozircha Uxanga tegishli emas.

Xabar berganimizdek, bugun Chin oʻlkasida koronavirusga chalinganlar soni 80,5 mingdan ortiq boʻlsa, uch mingdan ziyod inson hayotdan koʻz yumgan.