“O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi tarkibidagi “Coca – Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd.” kompaniyasining mamlakatimiz salqin ichimliklar bozoridagi ulushi 2019 yilda 25 foiz, shirin gazlangan ichimliklar bozoridagi ulushi 50 foizdan yuqori bo‘ldi. Xususan, kompaniyada salqin ichimliklar ishlab chiqarish hajmi 2018 yilda 38 foizga, 2019 yilda 33 foizga oshdi. Bu haqida “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi axborot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Google

Kompaniya xabariga ko’ra, ushbu oxirgi 2 yillikdagi o‘sish darajalari o‘z o‘rnida “The Coca – Cola Company” kompaniyasi tomonidan dunyo miqyosidagi eng yuqori natija sifatida e’tirof etildi.

Kompaniya 2019 yilda jahonning yetakchi xorijiy tadqiqotchi kompaniyasi bilan hamkorlikda, mamlakatimizning salqin ichimliklar bozorida o‘rganishlar olib bordi. Unga ko‘ra, kelgusi 10 yillikda aholi sonining o‘sishi, daromadlarning oshishi, hamda xududlarning turistik salohiyati kengayib borishi hisobiga salqin ichimliklar sotish bozori xajmi 1.8 barobarga ko‘payishi kutilmoqda.

Shularni inobatga olib, Kompaniya 2020 – 2021 yillarda 31 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritishni rejalashtirgan: bular Xorazm viloyati va Toshkent shahridagi zavodlar modernizatsiyasi, mavjud quvvatlarni ko‘paytirishni nazarda tutadi.

Mazkur loyihalar hududlarda aholi bandligi darajasini oshirishga, ishlab chiqarilayotgan keng turdagi mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha logistika xarajatlarni iqtisod qilishga, respublikamizning janubiy va g‘arbiy hududlari aholisini salqin ichimliklar bilan yanada kengroq ta’minlashga, ishlab chiqarish zavodlari joylashgan hududlarda soliq tushumlarini ko‘payishiga imkon yaratadi.

Shu kabi istiqbolli ko‘rsatkichlar, xususan mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni rag‘batlantirish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar “The Coca – Cola Company”ning O‘zbekiston bozoriga qiziqishini yanada kuchaytirmoqda, deyiladi xabarda.