Toshkentda 15 yoshli shaxs boshqaruvidagi avtomobildan pichoq va boshqa buyumlar topildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: IIV axborot xizmati

Xabarda aytilishicha, joriy yilning 23-sentabr kuni soat 22:15 da Shayxontohur tumani IIO FMB navbatchilki qismiga 1-son IIBga biriktirilgan hududdagi “Gulobod” mahallasida joylashgan Versal restorani yonida 20-30 kishilik guruh to‘plangan haqida xabar kelib tushgan.

Holatni tekshirish maqsadida Toshkent shahar IIBBning bir guruh xodimlari voqea joyiga yetib borishgan. Voqea joyida to‘plangan odamlardan tashqari ularga yaqin joyda haydovchisi va yo‘lovchilari voyaga yetmagan shaxslar bo‘lgan “Nexia-2” rusumli avtomobil qayd etilgan.

Avtomobil 15 yoshli Abdulaziz F. boshqaruvida bo‘lgan, uning so‘zlariga ko‘ra ota-onasi bundan bexabar bo‘lishgan. Yo‘lovchi sifatida avtomobilda uning o‘rtoqlari 16 yoshli Mirjavohir M. va Ismoiljon A. bo‘lishgan.

Mavzuga doir:
Toshkentda erkakni shaxsiy video bilan “shantaj” qilgan ayol ushlandi

Avtomobil yukxonasining tekshiruvi davomida IIBB xodimlari kesuvchi buyumlar, nunchaki, tayoq va elektroshoker topishdi. Qayd etilishicha, mazkur fakt asosida tezkor ishlar olib borilmoqda.