Ijtimoiy tarmoqlarda bir abituriyentning javoblar varaqasi ilova qilingan holda, 206,4 ball bilan ham talabalikka tavsiya etilmagan degan mazmundagi xabarlar tarqalmoqda. DTM ushbu masala yuzasidan izoh berdi.

Foto: Google

Ma’lum bo‘lishicha, abituriyent Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona institutiga topshirib, “Bojxona ishi” ta’lim yo‘nalishiga talabalikka tavsiya etilgan. Shuning uchun ushbu abituriyent davlat oliy ta’lim muassasalari uchun tanlovda ishtirok etmagan va talabalikka tavsiya etilmagan.

Hozirda abituriyentlarning shaxsiy kabinetlarida aks etayotgan ma’lumotlar davlat oliy ta’lim muassasalari uchun o‘rinli bo‘lib, oliy harbiy ta’lim muassasalariga talabalikka tavsiya etilganlik bo‘yicha ma’lumotlar ko‘rsatilmagan, chunki oliy harbiy ta’lim muassasalari uchun tanlovni Davlat test markazi amalga oshirmaydi.

DTMning ta’kidlashicha, 189 yoki undan yuqori ball to‘plagan holda talabalikka tavsiya etilmagan holatlar mavjud emas.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 25-sentabr kuni bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari natijalari e’lon qilingandi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, davlat granti asosida o‘rtacha o‘tish bali – 133,3 ballni tashkil etgan.