Hukumat qarori (134-son, 09.03.2020 y.) bilan Kichik sanoat zonalari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

farmon qaror Tasdiqlash kelishuv imzo
Foto: Google

Nizomga muvofiq, kichik sanoat zonasi (KSZ) faqat muhandislik-texnik kommunikasiyalari mavjud bo‘lgan yoki o‘tkazish oson bo‘lgan faoliyat ko‘rsatmayotgan ishlab chiqarish maydonlari va qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallanmagan bo‘sh turgan yer uchastkalari negizida tashkil etiladi.

Bitta tuman (shahar) hududida joylashgan bir nechta ishlab chiqarish maydonlarini bitta KSZda birlashtirishga ruxsat etiladi.

KSZ hududida shaharsozlik faoliyati KSZning bosh rejasiga muvofiq amalga oshiriladi.

KSZ faoliyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida tashkil etiladigan davlat muassasasi shaklidagi direksiyalar tomonidan boshqariladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari hududlarda KSZni rivojlantirish uchun shaxsan mas’ul hisoblanadi.

KSZ hududida investisiya loyihalarini amalga oshirish uchun ishlab chiqish va investorlarni topish direksiyaning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Nizom bilan investisiya loyihalarini KSZ hududida joylashtirishning asosiy mezonlari belgilandi.

Nizomga muvofiq KSZ hududida yer uchastkalari 10 yilgacha uzoq muddatli ijaraga beriladi.

Ijaraga olingan yer uchastkasini yoki uning qismini subijaraga berish taqiqlanadi (qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari).

Yer uchastkasining ijara to‘lovi qonun hujjatlarida belgilangan yer solig‘ini to‘lash muddatlarida va stavkalari bo‘yicha to‘lanadi.