Mamlakatimizda keyingi yillarda ayollarning roli va mavqei, siyosiy-ijtimoiy hayotdagi faolligi tobora ortib bormoqda. Buni davlat tuzilmalari, muassasalari hamda yirik jamoat tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan ayollarning rahbar lavozimlariga tayinlanayotganida ham ko‘rish mumkin. Bu haqida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: ToshET

Xususan, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisining buyrug‘iga asosan “Toshkent hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Bosh direktori lavozimiga jamiyatning boshqarma boshlig‘i Batirova Nilufar Nyutonovna tayinlandi.

Batirova Nilufar

Nilufar Batirova 1977 yili Xorazm viloyatining Urganch shahrida tug‘ilgan. 2004 yili Toshkent qishloq xo‘jaligini irrigasiyalash va mexanizasiyalash institutini, 2008 yili Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Oliy biznes maktabini tamomlagan. Mutaxassisligi muhandis, biznes boshqaruv.

2015 yilda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan “Eng namunali boshlang‘ich tashkilot” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida 1-o‘rinni egallagan.

Nilufar Batirova 25 yildan buyon uzluksiz ravishda energetika tizimida turli rahbar lavozimlarida faoliyat yuritib kelmoqda. 2011 yili O‘zbekiston Mustaqilligiga 20 yil, 2016 yili O‘zbekiston Mustaqilligiga 25 yil esdalik nishonlari bilan taqdirlangan.