Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Maqsud Qurbonboyev “UzAuto Motors” mutasaddilaridan tushuntirish so‘ramoqda, deb yozmoqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi.

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Birinchidan, nega “UzAuto Motors” na saytida, na biror bir boshqa ommaviy axborot vositalarida narxlari oshganini rasmiy xabar va tushuntirish tarzida ma’lum qilmayapti? Xuddi ayb ish qilayotgandek, saytning ichki qismidagi narxnoma imi-jimida yangilab qo‘yish, e’lon qilishga kirmaydi.

Ikkinchidan, xo‘p narxlar oshishga oshibdi. Biroq nima sababdan, umumiy qilib qaysi omillar tufayli oshganini iste’molchi bilishga haqqi bormi yoki yo‘qmi?

Uchinchidan, nega aynan xalqimiz orasida eng talabgir hamda “ekonom” hisoblangan Damas, Spark, Nexia, Cobalt va Lacetti kabi avtomobillar narxi oshirilmoqda. Oylikka qarab qolmagan, nisbatan o‘ziga to‘qlar harid qiladigan Malibu 2, Tracker, Trailblazer, Equinox, Traverse va Tahoe narxlari esa o‘zgartirishsiz qolmoqda. Yoki bu “Kambag‘alni tuyani ustida ham it qopadi” naqlining amaldagi ifodasimi?

To‘rtinchidan, oshirilgan narxlar eksportga chiqarilayotgan mashinalarga taaluqlimi? O‘zi nima uchun “UzAuto Motors” hanuzgacha eksportga ichki bozordan ancha arzon narxda avtomobil sotmoqda. Misol uchun bizda 30 000 ming AQSh dollaridagi Malibu 2, boshqa davlatlarda ikki barobar arzon narxlarda sotilmoqda. Agarda buni valyuta oqimini ko‘paytirish bilan deb izohlamoqchi bo‘lsangiz, boshqa yangiroq bahona toping, hozir banklarimizda istagancha valyuta harid qilishingiz mumkin.

Beshinchidan, mamlakatimiz ichki bozorida hamyonbop avtomobillar sotuvi bo‘yicha boshqa davlatlar avtomobillari sotuvi yildan yilga oshib borayotgan bir sharoitda mahalliy ishlab chiqaruvchimizning narxlarni oshirish to‘g‘risidagi qarori qaysi bozor qonuniyatlariga to‘g‘ri keladi? Bu ochiqdan-ochiq bozorni qolganlarga bo‘shatib qo‘yishga harakatga o‘xshab ko‘rinmayaptimi? Yoki su’niy ravishda kasotga (bankrot) uchratish nazarada tutilganmi, agar unday bo‘lsa 20,0 ming yaqin ishchilar, qorako‘zlarimiz taqdiri nima bo‘ladi?

Xullas savollar ko‘p, ammo hozircha javoblar yo‘q.

Shu o‘rinda ko‘pchilikni bir mulohoza qiziqtirayapti. Darhaqiqat, yuqoridagi narxlari oshirilgan mashinalar eng xaridorgir hisoblanadi. Ularning sotib oluvchilari miqdori ham yuqori. Shu o‘rinda talabning yuqoriligini inobatga olgan holda, ular narxini biroz arzonlashtirib, yana ham ko‘p mashina sotuvini yo‘lga qo‘yish orqali foydani ko‘paytirish ham mumkin-ku. Axir bu ham oddiy bozor qonuniyati-ku.

Bundan tashqari “UzAuto Motors” keragidan ko‘ra yopiqroq bo‘lgani ko‘pincha unga tegishli har bir xabarni jamiyatimiz norozilik kayfiyati bilan kutib oladi. Narxlar nimaga asoslanib oshirildi, mashinalar tan narxi qaysi mezonlar asosida shakllantiriladi kabi ko‘plab masalalar ochiq, oshkora bo‘lganida milliy avtosanoatimizga bu qadar ko‘p e’tirozlarlar yog‘ilmas edi.