Joriy yilning 9 mart kuni Innovatsion rivojlanish vazirligida vazir o‘rinbosari Olimjon To‘ychiev va “Yevrosiyo injiniring kompaniyasi” (Rossiya Federatsiyasi) prezidenti Muhammad Muhitdinov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqida Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmati

Uchrashuv natijalariga ko‘ra tomonlar Innovatsion g‘oyalar haftaligi – “InnoWeek 2020“ doirasida O‘zbekistonda ilk bor “World Youth Innovation Forum — 2020“ xalqaro yoshlar innovatsion forumini o‘tkazishda hamkorlik to‘g‘risida bitim imzoladi. Hamkorlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 07.05.2018 yildagi PQ-3698-sonli “Sanoat va iqtisodiyotga innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi“ farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi.

O‘zbekistonda “World Youth Innovation Forum – 2020“ birinchi xalqaro yoshlar innovatsion forumini o‘tkazishdan maqsad istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun mablag‘ jalb qilish orqali mamlakatda innovatsiya sohasini rag‘batlantirish va faollashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, milliy innovatsiya loyihalarini ekspert qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Xususan, forum doirasida davlat, biznes va innovatsiya sohasi vakillari uchun doimiy platforma yaratiladi.

Yevroosiyo injiniring kompaniyasi (EEC Russia) xalqaro injiniring, moliya va ilmiy-texnik institutlarni birlashtiruvchi innovatsiya markazidir. EEC Russia energetika, energetika va resurslarni tejash, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va muhandislik sohalarida xalqaro loyihalarni amalga oshiradi.