Bugun, AOKAda IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida brifing bo‘lib o‘tdi.

Foto: Rambler.ru

Brifingda “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” davlat unitar korxonasi direktori Bobur Tillaboyev ushbu tizimni joriy etishdan maqsad, mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi haqida ma’lumot berdi hamda so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda yuzaga kelayotgan fikr-mulohazalarga o‘z munosabatini bildirdi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatga olish tizimi joriy etilgan. Bu tizim dunyoning ko‘p mamlakatlarida amaliyotda qo‘llanib kelinmoqda.

Ushbu tizimni joriy etishdan maqsad, iste’molchilar huquqini himoya qilish, respublikamizga sifatsiz mobil qurilmalarning kirib kelishi hamda uning noquqniy savdosining oldini olishdir.

“Jismoniy shaxslar mobil qurilmalarning IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun pasport ma’lumotlari, telefon raqami va mobil qurilmaning IMEI-kodini taqdim etishlari talab qilinadi.

Ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim qilinayotgan mobil qurilmalarning Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan o‘rnatilgan bojsiz olib kirish normalariga rioya etilganligini tekshirish maqsadida shaxsning pasport ma’lumotlariga asosan fuqaroning O‘zbekiston Respublikasi chegarasini kesib o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar tekshiriladi.

Shu maqsadda tizim operatori Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan elektron axborot almashinuvini yo‘lga qo‘ygan.

Biroq, ro‘yxatdan o‘tkazish masofaviy yoki onlayn tarzda amalga oshirilayotganida ro‘yxatdan o‘tkazuvchi shaxs bilan tizim operatori o‘rtasida bevosita kontakt bo‘lmasligi sababli fuqarolarning pasport ma’lumotlarini aynan shu shaxsning o‘zi yoki boshqa shaxs tomonidan taqdim qilinayotganligini tizim orqali aniqlash imkoni bo‘lmaydi.

Shu sababli hozirda uchinchi shaxslarning pasport ma’lumotlaridan foydalangan holda mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish hollari kuzatilmoqda”, — ta’kidladi Bobur Tillaboyev.

Uning qayd etishicha, O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi IMEI-kodlarni ayrim shaxslar tomonidan noqonuniy ro‘yxatdan o‘tkazishga urinish singari holatlarga vakolatli organlar bilan hamkorlikda tegishli choralar olib borilmoqda va bu uzluksiz davom ettiriladi.

“Shu o‘rinda fuqarolarimizdan respublika hududidan mobil qurilmalarni xarid qilish vaqtida, mobil qurilmaning IMEI-kodlari ro‘yxatdan o‘tganligini tekshirib olishingizni so‘rab qolardik. Tekshirishni 1170 qisqa raqamiga IMEI-kodni SMS orqali jo‘natish yoki uzimei.uz sayti orqali tekshirib olishingiz mumkin”, — deydi Bobur Tillaboyev.

Mavzuga doir:
Mobil qurilmalarni IMEI-kodlarini ro‘yxatga olish yuzasidan bayonot berildi
Uzimei tizimi bo‘yicha jinoiy guruh faoliyati fosh etildi