Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish uchun 2035-yilgacha benzin bilan yuradigan yangi avtoulovlarni sotishni taqiqlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Foto: RIA Novosti

“Bu davlatimiz iqlim o‘zgarishi ta’siriga qarshi kurashish uchun qilishi mumkin bo‘lgan eng muhim qadamdir”, – dedi u boshqa davlatlarni ham shu yo‘ldan yurishga chaqirib.

Gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, Kaliforniyadagi barcha yangi avtoulovlar va yo‘lovchi yuk tashiydigan avtomobillar 2035-yilgacha nol emissiya (zero emission) darajasida bo‘lishi kerak. Va 2045-yilga kelib, ushbu qoida o‘rta va og‘ir yuk mashinalarida qo‘llaniladi.

Shu bilan birga, gubernator shtat aholisiga benzin bilan ishlaydigan mashinalarni haydashni yoki avval foydalanilgan mashinalarni sotishni taqiqlamaydi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Kaliforniya eng yirik avtoulov bozori bo‘lib, u Qo‘shma Shtatlarda sotilgan avtomobillarning 11 foizini tashkil qiladi.

Shuningdek, tutun hosil qiluvchi Kaliforniyadagi uglerod ifloslanishining yarmidan ko‘pi yengil transport vositalariga to‘g‘ri keladi. Shtatdagi eng iflos havo Los-Anjeles hududida va Markaziy vodiyda joylashgan.

Mavzuga doir:
Import qilingan ECO-93 benzini birja savdolariga qo‘yila boshlandi

Atrof-muhitni muhofaza qilish faollari gubernatorning xatti-harakatlarini maqtashdi, ammo avtoulovlar va neft ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ushbu rejaning amalga oshishiga shubha bilan qarashdi.

Eslatib o’tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya ham 2030-yildan benzinli avtomobillarni sotishni taqiqlamoqchiligi xabar berilgandi.