9-mart kuni soat 21:00 da “Yangi Angren” issiqlik elektr stansiyasida energobloklarga ko‘mir yetkazib berish tizimidagi nosozlik tufayli ishlab chiqarish quvvati 100 mVtga pasayib ketdi. Bu haqda O‘zbekiston MET AJ axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Sputnik

Soat 21:17 da 200 mVt quvvat bilan ishlayotgan 4-energoblokka yoqilg‘i berish to‘xtab qolganligi tufayli avariya holatini oldini olish maqsadida energoblok stansiya xodimlari tomonidan favqulodda o‘chirilgan. Stansiyaning umumiy quvvati 800 mVtdan 420 mVtgacha pasayib ketgan.

“Sodir bo‘lgan nosozlik tufayli energetika tizimida avariyaga qarshi avtomatika ishlashi natijasida iste’molchilar elektr ta’minotida uzilishlar yuz berdi va ayni paytda elektr ta’minotidagi muvozanat xavfsizligini ta’minlash uchun cheklovlar kiritilishiga majbur bo‘linmoqda”, — deyiladi xabarda.

Milliy dispetcherlik markazi ma’lumotlariga ko‘ra, bunday holat ushbu stansiyada birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. Mart oyining 9 kuni davomida operativ ma’lumotlarga ko‘ra, energobloklarda 5 marta o‘chish holatlari sodir bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, yuzaga kelgan nosozliklar va uning bartaraf etilishi yuzasidan batafsil ma’lumotlar “Issiqlik elektr stansiyalari” AJning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida e’lon qilinadi.