Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi IMEI-kodlar masalasida bayonot berdi.

Foto: Zamin

Vazirlar Mahkamasining 22.10.2018-yildagi 847-sonli qarorining 2-bandida “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi — mobil qurilmalarning identifikatsiya kodlarini ro‘yxatga olish va qo‘llash, ushbu yo‘nalishda normativ-huquqiy bazani yaratish va takomillashtirish bo‘yicha vakolatli organ” deb belgilangan.

Shu asosda “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” davlat unitar korxonasi — Tizim operatori Jismoniy shaxslar tomonidan uchinchi shaxslarning shaxsiy ma’lumotlaridan (pasport ma’lumotlari va telefon raqamidan) foydalanish orqali ro‘yxatdan o‘tkazish holatlarining oldini olish maqsadida mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoniga qo‘shimcha tekshiruv algoritmi kiritildi.

Ya’ni, qurilmaning IMEI-kodini/kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda jismoniy shaxslar tomonidan foydalaniladigan abonent raqami mahalliy mobil operatorlaridan ariza beruvchi nomiga rasmiylashtirilganligi talab etiladi.

Shuningdek, vazirlik ayrim raqamlarni ham e’lon qildi:

Bugungi kunda tizim orqali 47,14 mln. dan ziyod IMEI-kodlar ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Jumladan:

  • 2019-yil 1-apreldan 2019-yil 1-noyabrgacha – 42,61 mln. IMEI kodlari avtomatik tarzda;
  • 2019-yil 1-noyabrdan 1-dekabrgacha – 1,47 mln. IMEI-kodlari bepul ravishda operatorga murojaat etish orqali;
  • 2020-yilning 1-yanvaridan 15-sentabrgacha – 3,06 mln. IMEI kodlar pullik asosda: shundan 691,1 ming dona import qiluvchilar (22,5 foiz), 51,5 ming dona mahalliy ishlab chiqaruvchilar (1,7 foiz), 2,323 mln. dona jismoniy shaxslar (75,8 foiz) tizimda ro‘yxatdan o‘tkazildi.

“Demak, joriy yilda IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish evaziga xalqdan 136 mlrd. so‘mdan ko‘proq pul yig‘ib olingan. Kamida deganimning sababi raqamlar bundan ham katta bo‘lishi mumkin”, – deb yozadi huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev o’z telegram-kanalida.

Mavzuga doir:
Uzimei tizimi bo‘yicha jinoiy guruh faoliyati fosh etildi

Mobil qurilmalar asosan Xitoy, Vetnam, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Gonkong va Qozog‘iston davlatlaridan import qilingan bo‘lib, import qiluvchilar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 41 taga yoki 2,7 barobarga oshgan.