“Namangan” erkin iqtisodiy zonasida “Hyundai” tijorat avtomobillarini ishlab chiqaradigan zavod qurilishi shu yil oktabr oyining oxirigacha boshlanishi kutilmoqda.

Foto: RIA novosti

Maʼlum qilinishicha, Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Koreya Savdo, sanoat va energetika vazirligi huzuridagi Koreys-oʻzbek assotsiatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Kim Chang Keon bilan uchrashgan.

Uchrashuv davomida “Namangan” erkin iqtisodiy zonasida “Hyundai” tijorat avtomobillarini ishlab chiqaradigan zavod qurilishi boʻyicha loyihani amalga oshirishning keyingi amaliy bosqichlari boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

“Hyundai Motors” Janubiy Koreya kompaniyasining investitsion loyihaning texnik parametrlarini hal etishiga qarab, loyihani amalga oshirishni 2020-yil oktabr oyining oxirigacha boshlash moʻljallanayotgani taʼkidlandi”, – deyilgan xabarda.

Shuningdek, tijorat avtomobillari uchun butlovchi va ehtiyot qismlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga yoʻnaltirilgan istiqboldagi qoʻshma loyihalar boʻyicha fikr almashilgan.

Mavzuga doir:
“VEB” Oʻzbekistonda “Kamaz” avtomobili va maxsus texnikasini xarid qilishni moliyalashtiradi

Eslatib o’tamiz, avvalroq “GAZ” Oʻzbekistonda yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarishi haqida xabar bergan edik. Shuningdek, Jizzaxdagi zavodda KIAning eng yangi modellari ishlab chiqarilishi ham ma’lum qilingandi.