Birlashgan Millatlar Tashkiloti Rossiya prezidenti Vladimir Putinga koronavirusga qarshi vaksina taqdim etish taklif uchun minnatdorchilik bildirdi. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.

Foto: Sputnik

“Biz prezident Putinga uning himmatli taklifi uchun minnatdorchilik bildiramiz. U tibbiy xizmatimiz tomonidan oʻrganib chiqiladi”, – deya maʼlum qilgan BMT bosh kotibining maxsus vakili ofisi.

Avvalroq Vladimir Putin videokonferensiya shaklida oʻtayotgan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida soʻzlagan nutqida tashkilot xodimlariga bepul vaksina taqdim etish taklifini bildirgan.

Eslatib o’tamiz, Gamaleya nomidagi ilmiy markaz tomonidan Rossiya to’g’ridan-to’g’ri investitsiya fondi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan koronavirusga qarshi birinchi vaksina “Sputnik V” nomini oldi va u 11-avgust kuni dunyoda birinchilardan bo’lib ro’yxatga olindi.

Shuningdek, Rossiyada “Vektor” markazi tomonidan yaratilgan vaksina klinik sinovdan oʻtmoqda. Kuni kecha Rossiya SSV Chumakov nomidagi Ilmiy markaz tomonidan yaratilgan koronavirusga qarshi vaksinaning klinik sinovlariga ruxsatnoma bergani xabar qilingandi.