Internet tarmog‘ida ro‘mol o‘ragan ayollarga go‘yoki ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya tomonidan ozor berilayotgani haqida videomurojaat tarqaldi. Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati ushbu holatga rasmiy munosabat bildirdi.

Foto: IIBB matbuot xizmati

Qayd etilishicha, mazkur fikrlar haqiqatdan yiroq. Ro‘mol o‘ragan ayollarga hech qanday ozor berilayotgani yo‘q, bunday topshiriqlar bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham. 

Ayollarni avtobusga taklif qilishdan yagona maqsad – koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan xavfsizlik me’yorlariga rioya qilish muhimligi haqida santariya-epidemiologiya nazorati xizmati va profilaktika inspektorlari tomonidan profilaktik suhbatlar o‘tkazilishi bo‘lgan.

Jamoat joyida tibbiy niqobsiz bo‘lgan fuqaro S.N. va N.R.lar sanitariya-epidemiologiya xizmati vakillari va profilaktika inspektorlari tomonidan profilaktik suhbat o‘tkazilishi uchun avtobusga chiqayotgan vaqtlari video muallifi tomonidan tasvirga tushirilgan.

Videodagi voqea 21-sentabr kuni taxminan soat 19:25 da Shayxontohur tumani G‘uncha massivi hududida ro‘y bergan.     

“Hurmatli fuqarolar! Internetga video joylab, unga o‘z fikrlaringizni  qo‘shishdan oldin aslida nima bo‘layotgani haqida qiziqib ko‘rishingizni so‘raymiz.

Avtomobil ichida o‘tirvolib o‘z mulohazalaringiz bilan o‘rtoqlashishingizni to‘g‘ri ish deb bo‘lmaydi. Agar video muallifi avtobusdagi ayollardan xavotirda bo‘lganida, xodimlarning yoniga borib, nima bo‘layotgani haqida qiziqib ko‘rgan bo‘lmasmidi?

Shu bilan birga, shahrimix aholisi va mehmonlariga koronavirus xavfi hanuz dolzarbligini eslatib o‘tmoqchimiz. Ko‘pchiligimiz kasallikni boshdan o‘tkazdik, kimdir koronavirus tufayli yaqin insonini yo‘qotdi. Hayotingiz va sog‘lig‘ingizni xavf ostiga qo‘ymang, santariya-epidemiologiya qoidalariga rioya qiling”, – deyiladi xabarda.

Mavzuga doir:
Toshkentda erkakni shaxsiy video bilan “shantaj” qilgan ayol ushlandi
Toshkentda Turkiyaga qizlarni fohishalikka yuborayotgan ayol qo‘lga olindi