Dunyoning taniqli eksperti, tibbiyot fanlari doktori, professor Mixail Favorov mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olishda yordamlashmoqda. Bu haqida Sog’liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

SSV sog'liqni saqlash vazirligi
Foto: Sog’liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati

Mixail Favorov Xalqaro vaksina instituti bosh direktorining o‘rinbosari sifatida dunyoda turli infeksiyali kasalliklar, jumladan, papilloma virusi, vabo, gripp, pnevmokokk va meningokok kabi qator og‘ir turdagi yuqumli infeksiyalarning oldini olish, profilaktikasi, tashxisi va uni zamonaviy davolash usullarini qo‘llash borasida katta tajirab ega taniqli mutaxassis hisoblanadi.

U jahonda emlash dasturlarini samarali taqdim etgan olim sifatida ham taniqli. Shu bois ham yuqumli kasalliklarning og‘irligini baholash bo‘yicha tadqiqotlar, shuningdek, vaksiniyalarning maqsadga muvofiqligi va ta’sirini baholash bo‘yicha litsenziyalangan klinik emlash sinovlari va uni tatbiq etish loyihalarining faol ishtirokchisi sifatida ham faoliyat yuritib keladi.

Mixail Favorov Amerika mikrobiologiya uyushmasi a’zosi, Sog‘liqni saqlash va epidemiologiya bo‘yicha xalqaro ekspert bo‘lib, 40 yillik umrini dunyoning turli hududlarida yuqumli kasalliklarni o‘rganish va oldini olish sohasiga bag‘ishlagan. 100 dan ortiq dolzarb ilmiy ishlarning muallifidir.

U shu kunlarda xalqaro mustaqil ekspert sifatida yurtimizda koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida faoliyat olib borayotgan Sog‘liqni saqlash vazirligidagi shtab mutaxassislari bilan birgalikda mamlakatimizdagi ushbu sohaga ixtisoslashgan davolash muassasalaridagi tibbiyot xodimlariga ham konsultativ yordam ko‘rsatmoqda.