O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasida 30 dan ortiq kompaniyani birlashtirgan Arab ishbilarmonlari assotsiatsiyasi vakillari uchun savdo-iqtisodiy loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Foto: Dunyo

Assotsiatsiya raisi, “El-Gallad Group” mebel kompaniyasining direktori Muhammad al-Galala, uning o‘rinbosarlari – Arab-Afrika iqtisodiy kengashining ijrochi direktori Muhammad Ali va “Al-Sawai” qurilish kompaniyasi rahbari Helad Ash-Shalga O‘zbekistonda soliq va bojxona sohalarida taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, xorijlik tadbirkorlar va investorlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonun hujjatlari haqida ma’lumot berildi.

O‘zbekistonda xorijiy investorlar ishtirokida energetika, infratuzilma ob’yektlarini qurish, qishloq xo‘jaligi, mehmonxona biznesi, to‘qimachilik, oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan loyihalar haqida so‘zlab berildi.

Misrlik investorlar O‘zbekiston rahbariyati tomonidan olib borilayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va kengaytirishga qaratilgan iqtisodiy siyosatni yuqori baholadi.

Ishbilarmonlar mamlakatimizda turli sohalarda loyihalar amalga oshirish, xorij, jumladan MDH davlatlariga tayyor mahsulot eksportini tashkil etishga qiziqish bildirgan.

O‘zbekiston ishbilarmon doiralari vakillari bilan o‘zaro manfaatli sheriklik o‘rnatish uchun arab ishbilarmonlari mamlakatimizda tashkil etiladigan biznes forumlar, ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma va yarmarkalarda faol ishtirok etish niyatida ekanini bildirdi.

Mavzuga doir:
Oʻzbekiston va Turkmaniston transport yoʻlagini shakllantirishni muhokama qildi
Oʻzbekiston va Rossiya 5,8 mlrd. dollarlik 104 ta loyiha ustida ishlamoqda

Uchrashuv yakunida Arab ishbilarmonlari assotsiatsiyasiga a’zo kompaniyalar vakillaridan iborat delegatsiyaning joriy yil noyabr oyida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Namangan, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlarida “V2V” formatida uchrashuvlar o‘tkazish uchun O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan.