Tashqi mehnat migratsiyasi agentligida Koreya Respublikasining Inson resurslarini rivojlantirish xizmatining O‘zbekistondagi EPS markazi direktori Song Sang Jin bilan uchrashuv tashkil etildi. Bu haqda Migratsiya agentligining axborot xizmati xabar berdi.

Foto: RIA Novosti

Uchrashuvda Koreya Respublikasida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonida korxonasidan mehnat ta’tili olib O‘zbekistonga qaytgan biroq, koronavirus infeksiyasining tarqalishi oqibatida qaytolmayotgan 131 nafar fuqaroning o‘z ish joyiga qaytarilishga erishilgani ta’kidlangan.

Joriy yil 10-iyul kuni jo‘nab ketganlarning 5 nafarida koronavirus infeksiyasi aniqlanganligi sababli Ye-9 vizasi berilgan fuqarolarni Koreyaga kirib borishi vaqtinchalik to‘xtatilganligi masalasi muhokama qilindi.

Ta’kidlash joiz, bugungi kunda Koreya Respublikasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonida mehnat ta’tili olib vatanga kelgan 400 dan ortiq, vaqtinchalik mehnat faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirib ish beruvchi bilan qayta shartnoma imzolagan 200 dan ziyod, shu bilan birga birinchi marotaba shartnoma loyihasi kelgan 800 ga yaqin fuqarolarimizning Koreya Respublikasiga kirib borishi no’malum muddatga to‘xtatilgan.

Uchrashuv davomida janob Song Sang Jin ikki davlatda ham epidemiologik vaziyat barqarorlashgandan so‘ng O‘zbekiston fuqarolarini Koreya Respublikasiga kirib borishi bosqichma-bosqich amalga oshirilishini ma’lum qildi.

Bundan tashqari joriy yilning mart oyida onlayn ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar uchun maxsus test imtihonlarini “Ishga marhamat” monomarkazida oktyabr oyining oxirlarida o‘tkazishga kelishib olingan.

Mavzuga doir:
Migratsiya agentligi Koreyaga boruvchi fuqarolarga ma’lumot bilan chiqdi
Chet elga chiqishda taqiq borligini tekshirish uchun yangi tizim ishga tushdi
144 nafar fuqarolarimiz ishlash uchun Rossiyaga uchib ketdi

Shuni alohida ta’kidlash joizki, kelgusida barcha test imtihonlarining yanada shaffofligini ta’minlash maqsadida birinchi bosqich test imtihonlari ixtiyoriy o‘tkazilishi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Eps-topik test imtihonlariga qatnashish imkoniyatini yaratish yuzasidan ham alohida takliflar bildirildi.