Oʻzbekiston va Turkmaniston tashqi siyosiy idoralari oʻrtasida siyosiy maslahatlashuvlar navbatdagi raundi videokonferentsiya shaklida boʻlib oʻtdi.

TIV matbuot xizmati xabariga koʻra,  muzokaralar chogʻida siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, suv xoʻjaligi, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va aloqalarni rivojlanish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Tashqi ishlar vazirlari ilgari erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarning bajarilishini tahlil qildilar va qoʻshma tadbirlarni oʻtkazish muddatlari, shu jumladan, Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Turkmaniston hukumatlararo komissiyasining navbatdagi raundi, Oʻzbekiston-Turkmaniston ishbilarmonlar kengashining birinchi yigʻilishini oʻtkazish muddatlari toʻgʻrisidagi takliflarni koʻrib chiqdilar.

“Transport, transport-kommunikatsiyalari va tranzit sohasidagi aloqalarni kengaytirishga qiziqish bildirildi. Vazirlar “Oʻzbekiston-Turkmaniston-Eron-Oʻmon” xalqaro transport-kommunikatsiya yoʻlagini shakllantirish boʻyicha Ashxobod kelishuvini tezroq amalga oshirish tarafdori ekanliklarini maʼlum qildilar”, – deyilgan xabarda.

Muzokaralarda koʻp tomonlama tuzilmalar doirasidagi oʻzaro aloqalar, shuningdek, Afgʻoniston muammosiga alohida eʼtibor berib, xalqaro va mintaqaviy kun tartibining ayrim masalalari koʻrib chiqildi.

Mavzuga doir:
Milliy bank Rossiya bankining moliyaviy xabarlar yetkazish tizimiga ulanadi
Toshkentda Koreya bilan hamkorlikda onkologiya tibbiyot markazi bunyod etiladi

Eslatib o’tamiz, kecha O‘zbekiston va Tojikiston yangi avtotransport yo‘nalishini ochmoqchiligi to’g’risida xabar bergandik.