O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish, shuningdek, rossiyalik ishbilarmon doira vakillari va keng jamoatchilikni mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan va eksport qilinayotgan milliy mahsulotlar bilan tanishtirish maqsadida aprel – may oylarida Moskva, Sankt – Peterburg, Qozon, Irkutsk, Novosibirsk va Yekaterinburg shaharlarida “Made in Uzbekistan” milliy ko‘rgazmalari tashkil etiladi. Bu haqida “O‘zbekoziqovqatxolding” axborot xizmati xabar bermoqda.

oziq ovqat bozor rasta meva
Foto: Brend

Mazkur tadbirlarda mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari vakillari, xususan “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi delegatsiyasi ham ishtirok etishi kutilmoqda. Delegasiyadan kompaniya tarkibidagi yetakchi eksportyor korxonalar o‘rin olib, ular O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati salohiyatini namoyish etadi. Ayni vaqtda “O‘zbekoziqovqatxolding” tomonidan “Made in Uzbekistan”milliy ko‘rgazmalariga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 dekabrdagi “Eksportga ko‘maklashish va uni rag‘batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PQ-4069-son qaroriga muvofiq, O‘zbekiston brendlari va mahsulotlarini xorijda targ‘ib qilish maqsadida “Made in Uzbekistan” milliy ko‘rgazmasini har yili tashkil etish belgilangan.