Koronavirus inson bosh miyasi faoliyat uchun o‘nglanmaydigan salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi aniqlandi. Bu haqda “Nature” jurnali Liverpul universiteti, London universiteti kolleji, Yel universiteti va Ikona tibbiyot maktabida olib borilgan ilmiy tadqiqotlarga tayanib yozgan.

Foto: Sputnik

Hisobotda aytilishicha, koronavirusga chalingan va nevrologik hamda psixiatrik asoratlarni boshidan kechirgan bemorlarning 62 foizida bosh miya qon aylanish tizimiga ziyon yetgan.

Ularning 31 foizida psixik holat bilan bog‘liq o‘zgarish, masalan, esni yo‘qotish, davomli hushdan ketish kuzatilgan.

London universiteti kolleji tomonidan amalga oshirilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, koronavirus natijasida eng ko‘p tarqalgan nevrologik asorat – insult, shuningdek, ensefalit — bosh miya to‘qimalari yallig‘lanishi tarzida namoyon bo‘lgan.

Ushbu xastaliklar vaqt o‘tishi bilan o‘zining og‘ir shakliga ko‘chishi – o‘tkir tarqaladigan ensefalomiyelitga olib kelishi mumkin.

Bunda bosh va orqa miya yallig‘lanadi, asab hujayralari himoya qobig‘idan ayriladi. Natijada xuddi tarqoq sklerozdagi kabi belgilar paydo bo‘ladi. Tajriba chog‘i og‘ir ahvoldagi shunday bemorlarning ayrimlarida respirator simptomi kuchsiz namoyon bo‘ldi, ya’ni asosiy xastalik sifatida miyaning ishdan chiqishi kuzatildi.

Qayd etilishicha, nevrologik belgilar aholining turli toifalarida yuzaga chiqishi mumkin.

“Biz nisbatan yoshroq odamlar, ya’ni, insultga uchragan, ammo odatiy xavfli omillardan xoli guruhni, shuningdek, aqliy faoliyatida anglab bo‘lmaydigan darajada sezilarli salbiy o‘zgarish ro‘y bergan kishilarni tekshiruvdan o‘tkazdik”, — deydi Liverpul universiteti nevrologi Benedikt Maykl.

Boshqa bir nevrolog, Rio-de-Janeyro federal universiteti xodimi Fernanda de Felichening xulosasiga ko‘ra, COVID-19’ga duchor bo‘lgan bemorlarning 50 foizdan ko‘prog‘i nevrologik asoratlarni boshidan kechirishi mumkin.

Mavzuga doir:
COVID-19’ni ko‘proq kimlar yuqtirishi va asosiy yuqish yo‘li aniqlandi
Rus milliarderi Veneradagi hayotni qidirishni moliyalashtiradi
Koronavirusni to‘liq zararsizlantiruvchi modda topildi

Binobarin, koronavirusning yengil yoki belgilarsiz gshaklini yengib o‘tgan insonlarda bunday asoratlar qay darajada namoyon bo‘lishi ehtimolini aniqlash, hozircha bu borada yetarli ma’lumot to‘planmaganligi sababli, juda qiyin.