Bugun, 9 mart kuni taniqli shoir Azim Suyun olamdan o‘tdi. Bu haqida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi xabar berdi.

Foto: O’zbekiston yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Azim Suyun 1948 yilning 22 fevralida Samarqand viloyatining Nukurt qishlog‘ida dunyoga kelgan. 

O‘rta maktabdan so‘ng Toshkent Davlat dorilfununining jurnalistika fakultetiga kirib o‘qigan. Uning ijodi 60-yillarning oxiri va 70-yillar boshida boshlangan bo‘lib, «Mening osmonim» (1978) nomli birinchi she’rlar to‘plami bilan kitobxonlarga tanilgan.

Shundan buyon shoirning o‘nga yaqin she’riy to‘plamlari va bir qator dostonlari chop etildi. Jumladan, «Zarb» (1979), «Zamin taqdiri» (1981), «Xayolot» (1984), «Ziyo ko‘li» (1986), «Javzo» (1987), «Olis tonglar» (1989), «Kuyganim-suyganim» (1992) kabi she’riy guldastalari o‘quvchilarning sevimli kitoblariga aylangan. Ayniqsa, uning «Sarbadorlar» fojiasi, «O‘zbekiston», «Bir tomchi suv dengizga aylangan kecha yoki Imorat» kabi dostonlari mashhurdir.