“O‘zbekkino” Milliy agentligi Toshkentdagi Gyote instituti “Shlingel” xalqaro kinofestivali bilan hamkorlikda “Shum bola-2020” kinofestivali o‘tkaziladi. Bu haqda agentlikning axborot xizmati xabar berdi.

Foto: STV

Ma’lum qilinishicha, festival 21-25 sentabr kunlari Humo arenada bo‘lib o‘tadi.

Bolalar va o‘smirlar kino sanoatidagi so‘nggi xalqaro mahsulotlarini yetkazib beruvchi “Shlingel” xalqaro kinofestivali tomonidan zamonaviy hamda dolzarb mavzudagi nemis filmlari o‘zbek va rus tillarida namoyish etiladi.

Shuningdek, festival doirasida o‘zbek kinoijodkorlar tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar hamda “O‘zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga binoan yaratilgan “Zumrasha” kinojurnalining yangi filmlari taqdim etiladi.

“Shum bola-2020” festivali bolalar, yoshlar, ota-onalar, o‘qituvchilar va mutaxassislar uchun mo‘ljallangan. Qayd etilishicha, namoyishlarga kirish bepul.

Ma’lumot uchun, festival dasturidan Germaniyaning “Juda qalin do‘stlar”, “Ko‘rinmas Syu”, “Rokka dunyoni o‘zgartiradi”, “Fritsi – tarixdagi burilish nuqtasi” kabi filmlar o‘rin olgan.

Eslatib o’tamiz, avvalroq Toshkentda “Shum bola” kinofestivali o‘tkazilishi haqida xabar berilgan edi.