2020 yilning 8 mart kuni tungi 00:10 da Parkent tumani markazida joylashgan “Parkent dehqon bozori” MCHJ hududida yongʻin yuz berdi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, alanga tuman markazining avtoulovlar qatnov yoʻli yoqasidagi dorixonalardan birining ichidan chiqqan.

Foto: Gazeta

Voqea joyida Parkent tumani FVB tomonidan tezkor guruh tashkil etilib, talafatni bartarf etish choralari koʻrildi.

Yongʻin chiqqan tunda oradan koʻp vaqt oʻtmay, viloyat hokimi Rustam Xolmatov Parkentga yetib kelgan. Tezda alangani oʻchirish choralari koʻrildi. Tegishli tashkilot va idoralar ishtirokida maxsus ishchi guruhi tuzilib, ularga ushbu falokatni bartaraf etish borasidagi topshiriq va vazifalar yuklatildi..

Yongʻin oqibatlarini bartarf etish yuzasidan Parkent tumani hokimining 2020 yil 8 martdagi 28-F-sonli farmoyishi chiqarildi. Sodir boʻlgan yongʻinni toʻliq bartaraf etish va mulk egalariga amaliy yordam koʻrsatish yuzasidan tumanda favqulodda holat joriy etildi. Alanga ichida qolgan hududni tozalash, bozorda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga yetkazilgan zararni qoplash borasida shoshilinch choralar koʻrilmoqda. Bu yoʻnalishda tuzilgan maxsus ishchi guruhlari faoliyat olib boryapti.

Farmoyishda zarar koʻrgan barcha doʻkonlar tezda qayta taʼmirlanib, aholiga savdo xizmati koʻrsatishni qayta yoʻlga qoʻyilishi alohida qayd etilgan. Birlamchi manbalarga koʻra, 800 kv m. maydondagi savdo doʻkonlari katta alanga ichida qolib ketgan. Yetkazilgan talafot juda jiddiy. Shu bois, ayni damda “Parkent dehqon bozori” faoliyati vaqtincha toʻxtatildi, deyiladi “Xalq so’zi” nashri xabarida.

Tuman hokimining farmoyishda yonib ketgan barcha savdo doʻkonlari oʻrnida tez kunlarda zamonaviy uslubdagi yangi binolar qad rostlashi qayd etiladi. Biroq, kimningdir ehtiyotsizligi tufayli “Parkent dehqon bozori”da chiqqan ushbu yongʻindan talafot koʻrgan binolarni qayta taʼmirlash va qurishning oʻzi boʻlmaydi. Qolaversa, bu yerdagi tadbirkorlarga yetarli shart-sharoitlar yaratish, ularning moddiy zararini qoplash ham shunchaki oson gap emas. Qisqasi, yana davlat gʻaznasiga qoʻl choʻziladi. Aholining isteʼmol tizimini tezkorlik bilan yoʻlga qoʻyish zarur boʻladi.

Bozor hududini qayta barpo etishga jalb qilinadigan qurilish tashkilotlarini ham saralash lozim boʻladi shekilli. Chunki, bu ishga hamyonini emas, davlat manfaatlarini oʻylaydigan, terilgan ming soʻmlik gʻishtni oʻn ming soʻmga aylantirmaydigan iymonli buyurtmachi va pudratchilarni topish zarur. Aks holda, “Parkent dehqon bozori” MCHJ qayta barpo etilgunicha kimlardir qoʻsha-qoʻsha saroylar tiklaydi. Masalaning bu jihatiga tegishli tashkilotlar, aynan tuman hokimligi mutasaddilari jiddiy eʼtibor qaratishiga aminmiz. Chunki, davlat mulki muqaddas. Uning gʻaznasidagi har bir soʻmning hisob-kitobi bor. Aks holda, viloyatda yuzaga kelgan yer sotish jinoyatlari qabilidagi “ishbilarmonlik” bu yerda ham takrorlanishi mumkin.