Xitoy koronavirusga qarshi 11 ta vaksinani klinik sinovdan o‘tkazmoqda Bu haqda XXR fan va texnika vaziri Van Chjigan Pekinda fan, salomatlik va turmush masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan global forumda ma’lum qilgan.

Foto: CGTN

Vazirning aytishicha, vaksinalarning to‘rttasi uchinchi bosqich sinovlarigacha yetib kelgan.

“Kuz va qishda koronavirus pandemiyasi yanada kuchayishi mumkin, kasallik profilaktikasi va nazorati bo‘yicha holat esa hamon dolzarbligicha qolmoqda”, — ta’kidladi Van Chjigan.

Vazir koronavirusga qarshi kurashishda Xitoy xalqaro hamkorlikni doim birinchi o‘ringa qo‘ygani, ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga rioya qilib kelganini qo‘shimcha qildi.

Eslatib o‘tamiz, Xitoyda avgust oyida koronavirusga qarshi ilk vaksina patentlangan edi: Xitoy xalq-ozodlik armiyasi harbiy-tibbiyot fanlari akademiyasi va “Can Sino Biologics” kompaniyasi hamkorlikda Ad5-nCoV adenovirus vektori asosida rekombinant vaksina ishlab chiqqandi.

Shuningdek, mamlakatda hasharotlardan olingan koronavirusga qarshi vaksinani ham odamlarda sinashga ruxsat berilgandi.

Mavzuga doir:
Xitoy sprey ko‘rinishidagi vaksina klinik sinovlariga ruxsat berdi
Hind vaksinasi qachon tayyor bo‘lishi ma’lum qilindi

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 30 milliondan ortiq koronavirus virusi yuqtirilgan, ulardan 950 ming nafari infeksiya tufayli vafot etganlardir.