8 Mart – Xalqaro xotin-qizlar kunida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, uning huzuridagi Jamoatchilik kengashi Oʻzbekiston Aeronavtika federatsiyasi bilan hamkorlikda yurtimiz ayollarini noanʼanaviy tarzda bayram bilan qutladi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi axborot xizmati

Toshkent shahri markazidagi Amir Temur xiyobonida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda uning tizimidagi tashkilotlarda faoliyat yurituvchi ayol xodimlar, ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekiston Aeronavtika federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan tanlov gʻolibalari hamda yurtimiz mehmonlari aerostatda havoga koʻtarildi.

“Bugun juda ajoyib sana – 8 Mart! Shu bois biz Amir Temur xiyobonida latofatli ayollarimiz uchun havo shari parvozini amalga oshiryapmiz. Koʻrib turganingizdek, bu joyga koʻplab xotin-qizlarimiz toʻplanishdi. Havo sharining osmonga parvozini kuzatayotgan barcha yurtdoshlarimizning bayram shukuhini his qilib, kayfiyatlari koʻtarilganini koʻrishdan juda xursandmiz. Barcha ayollarimizni ushbu goʻzal bayram bilan tabriklaymiz hamda ularga dunyodagi eng ezgu tilaklarni tilaymiz!” — dedi Oʻzbekiston Aeronavtika federatsiyasi raisi Tohir Soliyev.

Qayd etish joizki, poytaxt markazidagi bayram tadbiriga yurtimiz mehmonlari ham tashrif buyurib, ular ham aerostatda parvoz qilishga taklif qilindi. Jumladan, qozogʻistonlik Aliya Ospanova bu yilgi Xalqaro xotin-qizlar bayrami bir umr uning yodida muhrlanib qolishini taʼkidladi:

“Bugunga kelib Oʻzbekiston nafaqat eng yaxshi turistik yoʻnalish, balki bayram taʼtillarini oʻtkazish uchun ham eng munosib mamlakatga aylandi. Havo sharida parvoz qilish bu faqat 8 Mart kuni Toshkentda amalga oshishi mumkin boʻlgan orzudir! Ushbu bayram kunim bir umr yodimda qoladigan boʻldi, betakror taassurotlar uchun rahmat, Oʻzbekiston!”