Xitoyda COVID – 19 koronavirusi qurbonlari soni 8-mart holatiga ko‘ra 3119 kishiga yetdi. Bu haqda Xitoy Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi axborotida ma’lum qilingan.

Foto: Google

O‘tgan bir sutka davomida mamlakatda 40 ta yangi kasallanish holati qayd etilgan, 22 bemor esa vafot etgan. Vafot etganlarning 21 nafari Xubey provinsiyasidan, yana bir bemor Guandunda vafot etgan.

Komissiya ma’lumotlariga ko‘ra, 1535 kishi tuzalib, kasalxonadan uyiga javob berilgan. Xitoyda epidemiya boshlaganidan buyon koronavirusga chalinganlarning umumiy soni 80 735 kishiga yetgan. Jami 58,6 ming bemor tuzalgani aytilmoqda.

Xitoyning materikdan tashqari qismida 169 ta kasallanish holati qayd etilgan. Xususan, Gonkongda 114 ta (uch bemor vafot etgan), Makaoda 10 ta (barcha bemorlar tuzalib, uyiga javob berilgan), Tayvanda 45 ta (bir bemor vafot etgan).