Avval xabar berganimizdek, bugun AOKAda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Nurmat Otabekov ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Foto: Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati

Unda Otabekovga dezinfeksiya tunnellar samarasizmi? Unga sarflangan mablag‘lar endi nima bo‘ladi, degan savolga javob berdi.

“Pandemiya boshida har bir davlat o‘zi bilgan usulni qo‘llay boshladi. O‘zbekiston ham, shuningdek AQSh, Rossiya va Fransiya kabi boshqa ko‘plab mamlakatlar ancha vaqt davomida dezinfeksion tunnellardan foydalandi.

Dezinfeksiya vositalari virus, zamburug‘lar va oddiy bakteriyalarni yo‘q qilishi bo‘yicha samarasiga shubha bo‘lishi mumkin emas.

Dezinfeksiya tunnellarida viruslarni, shu jumladan koronavirusni va boshqa mikroorganizmlarni yo‘q qiladigan dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalaniladi.

Maxsus respublika komissiyasining qarori bilan binolar va boshqa inshootlarga kirish joylarida dezinfeksiya tunnellarini o‘rnatish to‘xtatildi.

Ushbu qaror Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyasi bilan qabul qilindi.

Olimlar virusologlarning tadqiqotlariga asoslanib, dezinfeksiya tunnellari orqali dezinfeksiya qilish o‘rtacha 5-30 soniyani tashkil etadi, bu viruslarni zararsizlantirish uchun etarli emas, degan xulosaga kelishdi.

Ba’zi mamlakatlarda, ayniqsa Italiya, Singapur va Malayziyada dezinfeksiya tunnellaridan foydalanilmoqda.

Koronavirus kasalligini aniqlash, davolash va oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar takomillashtirib borilmoqda. O‘ylaymizki, vaqt o‘tishi bilan takomillashgan va ishlatish uchun qulay bo‘lgan usullar amaliyotimizga kirib keladi”, degan Nurmat Otabekov brifingda.

Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasi JSST tavsiyasiga asoslanib dezinfeksiya tunnellarini taqiqladi. Uning o‘rniga, binolarning kirish kismida tashkil qilish uchun qulay joyda teri uchyn antiseptik eritmalari bo‘lgan sanitayzer-dispanser qurilmalari o‘rnatish amaliyoti joriy etiladi.