Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi 2020-yilning yanvar-avgust oylarida inflyatsiya darajasiga ta’sir etuvchi omillar diagnostikasini e’lon qildi.

Foto: Food / Mood

Joriy yilning 8 oyi davomida oziq-ovqat maxsulotlari bo‘yicha inflyatsiya darajasi 5,2 foizni (2019-yilning 8 oyida 7,0 foiz), yillik hisobda esa 16,7 foizni (19,7 foiz) tashkil etdi.

Qayd etilishicha, oziq-ovqat narxlarining keskin o‘sishi asosan dekabr oyiga xos bo‘lib (2018- va 2019-yillarda 3,2 va 3,3 foiz), ushbu holat meva va sabzavotlar narxlarining mavsumiy o‘sishi, shuningdek yangi yil bayramidan oldin boshqa turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishi bilan tushuntiriladi.

“2020-yilning avgust oyida kuzatilgan oziq-ovqat narxlarining yillik o‘sishi umumiy inflyatsiya darajasi va o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichlarga nisbatan yuqori bo‘ldi.

Shu bilan birga, meva-sabzavotlarning yillik inflyatsiya darajasiga ta’siri kamayib, eng yuqori narx o‘sish sur’atlari go‘sht mahsulotlarida kuzatildi (yillik hisobda 18,2 foiz)”,
deyiladi vazirlik ma’lumotida.

Shuningdek, aprel oyidan keyin bug‘doy importining o‘sishi kuzatilgan.

Shu bilan birga, 2020-yilning yanvar oyidan avgustigacha bo‘lgan davrda go‘sht va go‘sht mahsulotlari importining 2,0 baravarga (15,6 dan 31,8 ming tonnagacha) ko‘payishi narxlarning o‘sishini jilovlash imkonini bergan.

Mavzuga doir:
Qanday holatlarda go’sht mahsulotlarini sotish mumkin emas?
AQShga goʻsht yetishmasligi tahdid solmoqda

Ma’lumot uchun, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishining asosiy omili go‘sht mahsulotlari (oziq-ovqat mahsulotlari guruhida uning ulushi 10 foiz) hisoblanadi. So‘nggi uch yil mobaynida go‘sht mahsulotlarining narxi 2,0 barobar oshdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratov 2016-yilda go‘sht va qoramol narxi keskin oshib ketganiga izoh bergandi.