So‘nggi paytlarda ayrim san’atkorlarning to‘y va tadbirlarda karantin qoidalarini buzish holatlari afsuski uchrab turibdi.

Foto: Toshkent shahar IIB axborot xizmati

Shu munosabat bilan, jamoatchilik tomonidan, Madaniyat vazirligi nega buni nazorat qilmayapti, qabilidagi savollar, murojaatlar kelib tushmoqda.

Madaniyat vazirligi ushbu masalada bayonot berdi.

“Albatta, Madaniyat vazirligi ushbu xatti-harakatlarni ma’qullamaydi va karantin qoidalari istisnosiz har bir shaxs uchun majburiyligini, uni buzganlarga qat’iy chora ko‘rilishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Biroq, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro, qanday kasb egasi bo‘lishidan qat’iy nazar ma’lum huquq va majburiyatlarga ega. Ularning shaxsiy hayotini nazorat qilishga hech kimning haqqi yo‘q.

Jumladan, Madaniyat vazirligi ham san’atkorlarning shaxsiy ishlariga aralashish vakolatiga ega emas. Vazirlikning nizom bilan tasdiqlangan faoliyat chegaralari mavjud bo‘lib, undan tashqariga chiqish qonunan mumkin emas.

Shaxsning jamiyatdagi xatosi yoki jinoyati uchun chora ko‘rishga mas’ul bo‘lgan organlar qonunning barcha uchun barobarligi tamoyiliga asoslangan holda faoliyat olib boradilar.

Tabiiyki, san’at ahli millionlab muxlislarning nigohida va diqqat markazida bo‘ladi. Lekin, bu unga qandaydir imtiyoz emas, aksincha ulkan javobgarlik va mas’uliyat yuklaydi. Madaniyat vazirligi soha vakillaridan o‘z hayot va faoliyatlarida ushbu mezonga amal qilishlarini so‘raydi.

O‘z navbatida, mas’ul idoralarni belgilangan me’yorlarni buzgan san’atkorlarning javobgarliklarini ta’minlash uchun qonuniy choralar ko‘rishga chaqiradi. Zero, qonun barchaga barobar!“, – deyiladi vazirlik bayonotda.

Mavzuga doir:
Kipr to‘ylarida raqsga tushish taqiqlandi
Ispaniya hukumati karantin cheklovlarini kuchaytirmoqda

Eslatib o‘tamiz, xonanda Vohidjon Isoqov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54 moddasiga ko‘ra jarimaga tortilib, unga BHMning 5 baravari miqdorida jarima belgilangandi.

Undan avval esa “Bravo”chilardan Ahmad Temurov ham karatin qoidalariga zid ravishda to‘y qilgani uchun jarimaga tortilgani haqida xabar berilgandi.

Kuni kecha ushbu holatlar ortidan san’atkorlarning to‘y qilish tartibini buzgani yuzasidan Madaniyat vazirligiga Senator so‘rovi yuborilgani ma’lum qilingandi.