Respublikada avtotransport vositalarini ishlab chiqaruvchi barcha korxonalar uchun teng sharoitlar yaratilishini nazarda tutuvchi “Avtotransport vositalarini ishlab chiqarish sanoati to‘g‘risida”gi Nizom qabul qilinadi.

Foto: UzAuto Motors

Bu haqda Hukumatning “2020-2021 yillarda iqtisodiy o‘sishni tiklash va iqtisodiyot tarmoqlari hamda sohalarida tizimli tarkibiy islohotlarni davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ilova qilingan 2020-2021 yillarga mo‘ljallangan amaliy harakatlar rejasida belgilab berilmoqda.

Mazkur harakatlar rejasida sanoat va mahalliylashtirish sohasidagi qisqa muddatli chora-tadbirlar ham rejalashtirilmoqda. Jumladan, mashinasozlik sohasida:

  • Qozog‘iston tajribasidan kelib chiqqan holda Ozarbayjon, Tojikiston va boshqa mamlakatlarda ham avtotransport vositalarining sanoat usulida yig‘ishni tashkil etish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish;
  • elektromobillar bozorini rivojlantirish uchun zarur infratuzilmani yaratish bo‘yicha «maqsadli dastur» ishlab chiqish;
  • “ERP” (ishlab chiqarish jarayoni va sotishni hisobini yuritish) zamonaviy avtomatlashtirilgan hisobot yuritish tizimini joriy etish;
  • qishloq xo‘jaligi texnikalarining narxlarini pasaytirish maqsadida, metall prokat iste’moli uchun belgilangan standartlarni qayta ko‘rib chiqish;
  • qishloq xo‘jaligi texnikalarining plastmassa qismlari, g‘ildirak disklarini ishlab chiqarish va metall quyish sexini tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish;
  • elektrotexnika mahsulotlarining eksportini oshirish maqsadida, chegaradosh hududlarda savdo zonalarini yaratish (Toshkent, Andijon, Farg‘ona, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari);
  • mis xom ashyosini chuqur qayta ishlash hajmini 49 ming tonnagacha oshirish, misni chuqur qayta ishlash va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotni (elektrotexnika va boshqa sohalarda) ishlab chiqarish imkoniyatlarini yaratish maqsadida yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirish uchun salohiyatli investorlarni jalb qilish;
  • elektrotexnika sanoatidagi standartlarni xalqaro standartlar bilan muvofiqlashtirish.

Ma’lumot uchun, joriy yilning mart-aprel oylarida koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq ichki va tashqi cheklov choralari natijasida 2020-yilning birinchi yarmida sanoat ishlab chiqarishining pasayishi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 98,1 foizni tashkil etdi.

Tashqi talabning qisqarishi (gaz ishlab chiqarish, avtomobilsozlik, to‘qimachilik), import qilinadigan qismlarni yetkazib berishni cheklash (elektrotexnika, farmatsevtika) va ichki talabning qisqarishi (elektr energiyasini ishlab chiqarish, qurilish materiallari ishlab chiqarish, maishiy texnika, mebel) tarmoqlarda ishlab chiqarish faolligining pasayishidagi asosiy omillar sifatida xizmat qildi.