“Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatini eksperiment tariqasida tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Hukumat qarori (561-son, 17.09.2020 y.) qabul qilindi.

Foto: Darakchi

Qarorga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmatlar ko‘rsatish markazlari:

  • yuridik shaxs hisoblanmaydi va tuman (shahar) adliya bo‘limlarining tarkibiy bo‘linmasi sifatida faoliyat yuritadi;
  • viloyat adliya boshqarmalariga bo‘ysunadi;
  • Namangan shahrida 5 ta, Marhamat tumanida 4 ta, Qarshi tumanida 3 ta shtat birliklaridan iborat bo‘ladi. Bunda, boshliq lavozimi tuman (shahar) darajasidagi davlat tashkilotlarining yuridik xizmati xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha lavozim razryadlariga ko‘ra – bosh yuriskonsult lavozimiga tenglashtiriladi;
  • tegishli tashkilot yuridik xizmatlariga yuklangan vazifa va funksiyalarni amalga oshiradi.

Qaror bilan Namangan shahri, Qarshi va Marhamat tumanlaridagi yuridik xizmatlar shtati (23 ta) qisqarayotgan davlat tashkilotlari ro‘yxati tasdiqlandi.

Mazkur tashkilotlar tomonidan markaz bilan kelishilmagan holda qabul qilingan buyruq, farmoyish, shartnoma va yuridik tusdagi boshqa hujjatlar haqiqiy emas deb hisoblanadi.

Markaz xodimlari tanlov asosida ishga qabul qilinadi.

Qarorga ko‘ra, 2020-yil 25-sentabrga qadar eksperiment doirasidagi tuman (shahar)larda markazlar hamda davlat organlari va tashkilotlari o‘rtasida o‘zaro ishni tashkil qilishning yagona elektron tizimi ishga tushiriladi.

Shuningdek, qaror bilan Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari faoliyatini eksperiment tariqasida tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, markaz boshlig‘i Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i tomonidan lavozimga tayinlanadi.

Mavzuga doir:
Fuqarolik masalalari bo‘yicha arizalarni qabul qilish avtomatlashtiriladi
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hay’ati tarkibi tasdiqlandi

Markaz faoliyati mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident tegishli Farmoniga asosan mazkur markazlarini eksperiment tashkil etish belgilangandi.