Xitoyda Fuszyan provinsiyasining Syuanchjou shahridagi mehmonxona qulab tushishi oqibatida 70 dan ortiq kishi xarobalar ostida qoldi. Besh qavatli mehmonxonadan koronavirusdan zararlanganlar bilan aloqada boʻlgan odamlarni karantin holatida saqlash uchun foydalanilayotgan edi. Bu haqida “Xalq so’zi” yozmoqda.

Foto: Reuters

Soʻngi maʼlumotlarga koʻra, kamida 10 kishi halok boʻlgani tasdiqlangan va yana oʻnlab kishilar bedarak yoʻqolgan.

Ushbu besh qavatli binoda halokatdan oldin 71 kishi boʻlgan, ulardan 58 nafari – virus yuqtirgani gumonlangan kishilar.

Oʻnlab kishilar xarobalar ostidan olib chiqilgan. Qutqaruvchilar ayni vaqtda yana omon qolganlarni qidirishmoqda.

Mehmonxona 2018-yilda qurilgan, unda mijozlar uchun 80 xona mavjud edi. Hozircha mahalliy vaqt bilan 7 mart kuni 19:30 da (Toshkent vaqti bilan soat 21:30) roʻy bergan hodisa sababi maʼlum emas.

Hozirda politsiya mehmonxona rahbarlarini soʻroq qilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Fuszyan provinsiyasida koronavirusdan zararlangan 296 kishi aniqlangan, 11 mingdan ortiq kishi bemorlar bilan aloqada boʻlgani tufayli tibbiy kuzatuvga olingan. Uxandan 1000 kilometr uzoqlikda joylashgan Syuanchjou shahrida 47 kishida virus aniqlangan.