Isroilda koronavirusni yuqtirgan fuqarolar soni keskin ko‘paygani bois payshanba kuni mamlakatdagi barcha maktablar yopiladi.

Foto: RIA Novosti

Bir kunda 5523 ta yangi holat qayd etilgan. Dastlab o‘quv muassasalari juma kuni yopilishi taxmin qilingandi, deb yozadi “Jerusalem Post” gazetasi hukumat qaroriga tayanib.

Isroilda koronavirusga qarshi kurash bosh koordinatori professor Roni Gamzu mazkur qaror tashabbuskori ekanligi ta’kidlanmoqda.

Seshanba kuni u sog‘liqni saqlash vaziri Yuliy Edelshteyn va ta’lim vaziri Yoav Gallantga zudlik bilan maktablarni yopishni so‘rab maktub yo‘llagan.

“Hukumat mutaxassislarning tavsiyalariga xilov ravishda o‘quv muassasalari faoliyatini tiklab noto‘g‘ri qaror qabul qildi.

Biz hozir tahsil olayotganlar orasida ham, butun Isroil aholisi orasida ham infeksiya tarqalishini kuzatyapmiz”, — deyiladi Gamzuning maktubida.

“Worldometers” ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilda 166 794 kishi koronavirusga chalingan bo‘lib, ulardan 122 785 kishi kasallikdan forig‘ bo‘lgan. 1 147 nafar bemor esa hayotdan ko‘z yumdi.

Mavzuga doir:
BAA va Isroil munosabatlarni o’rnatish to’g’risidagi bitimni imzoladi
Bahrayn Isroil bilan tinchlik shartnomasini imzolaydi

Eslatib o’tamiz, avvalroq Isroilda 18-sentabrdan boshlab butun mamlakat bo‘ylab uch haftalik karantin joriy etilishi haqida xabar qilingan edi.

So’nggi ma’lumotlarga ko’ra, dunyoda 29 milliondan ortiq koronavirus virusi yuqtirilgan, ulardan 933 ming nafari infeksiya tufayli vafot etganlardir.