Noma’lum shaxs sababsiz ayolning yoniga kelib bir necha bor uning boshi va yuziga urgan.

Foto: Skrinshot

Toshkent shahar IIBB axborot xizmati internetda “Yevgeniya Selivanova” ismli foydalanuvchi e’lon qilgan postda Yevgeniya K. ismli fuqaro noma’lum shaxs tomonidan kaltaklangani va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan mazkur holat bo‘yicha hech qanday chora ko‘rilmagani haqidagi xabarlar bo‘yicha ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur hodisa 11-sentabr kuni taxminan soat 16:00 da Uchtepa tumani G-9 “a” kvartalidagi jamoat transporti bekati yaqinida sodir bo‘lgan. Noma’lum shaxs sababsiz ayolning yoniga kelib bir necha bor uning boshi va yuziga urgan.

Hodisa haqida fuqarolar yaqin atrofda bo‘lgan profilaktika inspektori kapitan Ravshan Alimov va patrul-post xizmati xodimlariga xabar berishgan.

Xodimlar voqea joyiga kelib hodisa ishtirokchilarini Uchtepa tumani IIO FMB 7-son ichki ishlar bo‘limiga bo‘lib o‘tgan hodisa tafsilotlarini hujjatlashtirish uchun olib kelishgan. Shuningdek jabrlanuvchi 32 yoshli Yevgeniya K.dan 102 raqamiga qo‘ng‘iroqlar kelib tushgan.

IIO xodimlari aniqlashicha, ayolga tashlangan kishi mast holatda bo‘lib, nima uchun bu ishni qilganini tushuntira olmagan. Mazkur shaxs spirtli ichimlik ta’siri ostida mast ekanligi tibbiyot xodimlari tomonidan tasdiqlandi.

Shuningdek sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazilib, uning xulosasiga ko‘ra jabrlanuvchiga yengil darajadagi badan shikastlari yetkazilgani qayd etildi. Ayni vaqtda ayblanuvchi ma’muriy tartibda qo‘lga olingan.

Mavzuga doir:
DXX tomonidan katta miqdordagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari musodara qilindi
Buxoroda ayollar janjali jiddiy mushtlashuvga aylanib ketdi
Parkentda tom ustidagi janjal og‘ir shikast yetkazish bilan yakunlandi

Ushbu holat bo‘yicha Uchtepa tumani prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi bo‘yicha (“Bezorilik”) jinoiy ish qo‘zg‘atilib, hujjatlar Uchtepa tumani IIO FMB Tergov bo‘limiga yo‘naltirildi.