Kuz mavsumining muhim mavzusi bo‘lgan grippga qarshi emlash haqida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bosh mutaxassisi Dilorom Tursunova bilan suhbatlashdik, deb yozmoqda Sog’liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.

Foto: Google

Savol: Ayting-chi, grippga qarshi vaksinaning ahamiyati nimada va emlash jarayoni qachondan boshlanadi?

Javob: Kuz-qish faslida respirator infeksiyali kasalliklar ko‘p uchraydi. Ulardan butun dunyoda keng tarqalgani esa mavsumiy gripp hisoblanadi.

Gripp – yuqumli kasalliklar sirasiga kirgani uchun bu mavsumda xavflilik darajasi ortadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, emlashdan so‘ng kasallikka chalinish xavfi 70-90 foizga kamayadi.

Vaksina markazlarida allaqachon grippga qarshi emlash ishlari boshlab yuborilgan.

Aksariyat insonlar butun dunyoga xavf solib turgan koronavirus infeksiyasini yengil o‘tkazish uchun ham mavsumiy gripp uchun emlatishni ixtiyor etishgan. Yurtimizda ham grippga qarshi emlatayotganlar yildan yilga ko‘payib bormoqda.

Savol: Grippga qarshi emlash necha yoshdan va kimlarga belgilanadi? Homilador ayollar, chaqaloq va keksa yoshli insonlar ham bu tibbiy xizmatdan foydalanishi mumkinmi?

Javob: Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami grippga qarshi vaksinalar bilan bepul emlanadi.

Jumladan, “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida yashovchilar, mehribonlik va go‘daklar uylarining tarbiyalanuvchilari bepul emlanadi. Aholining boshqa vakillari esa o‘z hisobidan, tashkilot xodimlari esa o‘sha idora mablag‘laridan xususiy emlash markazlari orqali vaksina olishlari mumkin.

Homilador ayollar, nafas olish organlari va yurak-qon tomir tizimlarining ma’lum surunkali kasalliklariga chalingan katta yoshlilar, 60 yoshdan oshgan shaxslar va 6 oylikdan boshlab bolalar ham bemalol mavsumiy grippga qarshi emlanishi mumkin.

Mavzuga doir:
Dunyo taraqqiyoti pandemiya sabab 20 yil orqaga ketdi
Rus vaksinasining ishtirokchilariga tavsiyalar eʼlon qilindi
Rossiyada koronavirus vaksinasining 26 ta varianti ishlab chiqilmoqda

Umuman olganda, grippga qarshi vaksinasiya qilishga qarshi ko‘rsatmalar yo‘q, ya’ni bu emlash turi hammaga qilinishi mumkin. Ammo shunga qaramay, albatta, shifokor bilan maslahatlashib, organizmning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rgangan holda vaksina olish lozim.

Eslatib o’tamiz, avvalroq O‘zbekistonda sentabrdan aholini gripp va pnevmoniyaga qarshi emlash boshlanishi xabar berilgan edi. Shuningdek, kimlar tekinga gripp va pnevmoniyaga qarshi emlanishi ham aytilgandi.