Italiya hukumati mamlakat shimolidagi koronavirus tarqalishi aniqlangan hududlar karantinga olinishini e’lon qildi. Bu hududlarga kirish – chiqish batamom yopiladi. Karantin zonasidagi jami aholi qariyb 16 mln. nafarni tashkil qilmoqda.

Foto: O’zA

Cheklovchi chora-tadbirlar qo‘llanishi haqida Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte ma’lum qilgan. Bunday tartib Lombardiya ma’muriy-viloyati, shuningdek, boshqa viloyatlar tarkibiga kiruvchi yana 14 ta provinsiyada amal qiladi. Ular ichida sayyohlar orasida mashhur Venetsiya va Milan ham bor.   

Kontening so‘zlariga ko‘ra, gap nafaqat bu hududlarga kirish-chiqishning taqiqlanishi, balki o‘sha hududlarning o‘zida ham ba’zi cheklovlar o‘rnatilishi haqida ketmoqda. Jumladan, muzeylar, tog‘-chang‘i kurortlari, basseyn va sportzallar, tunggi klublar va boshqa shu kabi muassasalar yopiladi, ko‘pchilik to‘planadigan ommaviy-madaniy tadbirlar bekor qilinadi. 

Ayni paytda restoran va kafelar, mehmonlarni bir-biridan kamida 1 metr uzoqlikda joylashtirish sharti bilan, ishlashda davom etadi. Karantinga tushgan hududda yashaydiganlarga imkon qadar tashqariga chiqmaslik tavsiya etilmoqda. Mazkur tartibni buzganlarga 3 oygacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.

Karantin e’lon qilingan joylarda barcha sport tadbirlari muxlislar ishtirokisiz bo‘lib o‘tadi. Bunday cheklov kamida 3-aprelgacha amal qiladi. Lombardiyaning o‘zida, taxminan, 10 mln. kishi yashashini hisobga olsak, jami 16 mln. Aholi karantinga olingan.