O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, taniqli pedagog olim, adabiyotshunos va tarjimon Asil Rashidov 15-sentabr kuni 90 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi xabar berdi.

Asil Rashidov

Asil Rashidov 1930-yili Jizzax tumanining Sovungarlik qishlog‘ida tug‘ilgan. 1954-yili O‘rta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ni jurnalist mutaxassisligi bo‘yicha tamomladi.

1954-1958 yillarda “Qizil O‘zbekiston” (hozirgi “O‘zbekiston ovozi”) gazetasida adabiy xodim, bo‘lim mudiri bo‘lib ishladi.

1958-yilda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti aspiranturasiga o‘qishga kirib, 1961 yilda uni muvaffaqiyatli tugalladi va 56 yil davomida ushbu dargohda o‘zbek adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi, dotsenti, professori lavozimlarida samarali faoliyat ko‘rsatdi. 1981 yilda filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasiga erishdi.

Olim o‘z faoliyati davomida “Inson va mehnat madhi”, “So‘nmas yulduzlar”, “Asrga tengdosh maktab”, “Lesya Ukrainka”, “Chiniqish maktabi” singari ko‘plab ilmiy-ommabop asarlar yaratdi. Ayniqsa, mustaqillik yillarida dunyo yuzini ko‘rgan, atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidov xotirasiga bag‘ishlangan “Akam haqida” risolasi, “Ezgulikka baxshida umr”, “Chingiz Aytmatovning badiiy olami” singari asarlari minglab kitobxonlarning samimiy e’tirof va ehtiromiga sazovor bo‘ldi.

Mavzuga doir:
Surxondaryoda IIB podpolkovnigi vafot etdi
G’o’za sistematikasi va filogeniyasi sohasidagi yetuk olima 76 yoshida olamdan o’tdi

Asil Rashidovning oliy ta’lim tizimi va o‘zbek adabiyotini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlat tomonidan munosib taqdirlangan.

U “O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi” faxriy unvonlari, O‘zbekiston Respublikasining Davlat mukofoti hamda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan edi.