7 mart kuni viloyat hokimligida Singapurning OnePetra kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Dennis Louk bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqida Namangan shahar hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati

Uchrashuv chog‘ida Namangan viloyati hokimligi va kompaniya o‘rtasida umumiy qiymati 110 million AQSh dollari bo‘lgan 3 ta investitsion kelishuv imzolandi. Bu kelishuvlar doirasidagi loyihalar to‘liq xorijiy investitsiya hisobiga amalga oshiriladi.

Imzolangan kelishuvga ko‘ra, Singapur kompaniyasi tomonidan Namangan tovuqchilik fermasi, parrandachilik fermasi hamda qayta ishlash korxonasi quriladi. Shuningdek, 50 gektar maydonda yillik 60 tonna krevetka hamda 1200 tonna baliq yetishtirish quvvatiga ega baliqchilik klasteri ham barpo etiladi.

Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati

OnePetra kompaniyasi tomonidan Namangan viloyatida loyiha qiymati 40 million dollar bo‘lgan organik o‘g‘it hamda baliqlar uchun yem mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona qurish loyihasi ham amalga oshiriladi.

Uchrashuvda Namangan shahri hokimi Olimjon Isayev ham ishtirok etdi, deyiladi xabar so’ngida.